O‘zbekiston chegarachilari chegarani buzgan ikki Qirg‘iziston fuqarosini otib o‘ldirganini tasdiqladi.
15 avgust kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Ugam-Chotqol qo‘riqxonasi yaqinida joylashgan chegaradosh hududda O‘zbekiston chegara navbatchilari ikki noma’lum shaxsni payqashdi. Chegarachilar ularga to‘xtashni buyurishdi, biroq ular qochishga urinishdi.
«O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq, ularni to‘xtatish uchun osmonga qarata bir necha bor ogohlantiruvchi o‘q uzilgan. Ammo, noma’lum shaxslar chegara naryadining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, Davlat chegarasi tomon harakatni davom ettirishgan. Shundan keyin, so‘nggi chora sifatida ularga nisbatan qurol qo‘llanilgan», — deyiladi 4 sentabr kuni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Chegara qo‘shinlari xabarida.
Natijada ikki erkak o‘q otishidan jarohat olib, harbiy xizmatchilar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, voqea joyida halok bo‘ldi. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish vaqtida chodir, oziq-ovqat mahsulotlari va uchta ot, shuningdek, uchinchi shaxsning izlari topildi. U qochishga ulgurgan.
25 avgust kuni Qirg‘iziston militsiyasiga Jalolobod viloyati Chatqol tumani Aygyr-Jal qishlog‘ining ikki nafar fuqarosi bedarak yo‘qolgani haqida ariza tushdi.
28 avgust kuni ishchi uchrashuvda o‘zbekistonlik vakillar Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston chegaralari tutashgan hududda noma’lum fuqarolarni ushlash chog‘ida o‘q otish sodir bo‘lganini ma’lum qilishdi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, olingan jarohatlar hayot bilan mos kelmagan.
31 avgust kuni bedarak yo‘qolgan qirg‘izistonliklarning qarindoshlari O‘zbekistonga kelib, halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlashdi. 1 sentabr kuni «Baymak» nazorat-o‘tkazish punkti orqali ikki Qirg‘iziston fuqarosining jasadlari qirg‘iz tomoniga topshirilib, Kerben shahridagi morgga ekspertiza uchun yetkazildi.
Qirg‘iziston chegara xizmati voqea yuzasidan jiddiy xavotir bildirgan va barcha holatlarni har tomonlama tekshirish ishlari olib borilayotganini, natijalari jamoatchilikka e’lon qilinishini ma’lum qilgan.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara idoralari rahbarlarining kelishuvi asosida 2 sentabrdan hodisa joyini qo‘shma ko‘zdan kechirish boshlandi. O‘zbekiston tomoni halok bo‘lganlarga tegishli mol-mulkni, jumladan uchta ot va chodirni Qirg‘izistonga topshirishga tayyorligini bildirgan.
Tekshiruv yakuniga ko‘ra, o‘zbekistonliklar chegara navbatchilari harakatlari qonunchilikka muvofiq bo‘lganini, Qirg‘iziston fuqarolari Davlat chegarasini buzganini, uchinchi shaxs esa Qirg‘iziston hududiga qaytib qochib ketganini ta’kidladilar. Uning shaxsini aniqlash va zarur choralar ko‘rishga kelishib olindi.
«Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, har ikki tomon chegaraoldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish hamda murakkab tog‘li hududlarni qo‘riqlashda o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi», — deyiladi O‘zbekiston Chegara qo‘shinlari bayonotida.
Xalqaro standartlar va inson huquqlari amaliyoti chegarani qurolsiz buzganlarga nisbatan qurol ishlatmasdan ushlab, sud tartibiga topshirishni nazarda tutadi. Bunday vaziyatlarda o‘limga olib keluvchi kuch ishlatish ortiqcha choradir va insonparvarlik tamoyillari hamda qo‘shnichilik ruhiga zid hisoblanadi. Shunga qaramay, ayrim mamlakatlarda qurolsiz chegarabuzarlarga qarshi qurol ishlatilgan holatlar qayd etilib, bu doimo xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidiga sabab bo‘ladi.