Kiyevda odam savdosi tarmog‘i fosh etildi: gumondorlar orasida Xitoy, O‘zbekiston va Ukraina fuqarolari bor

By | 20/09/2025
Kiyev viloyatida issiqxonalar yonida politsiya va prokuratura vakillari bilan birga o‘zbekistonlik fuqarolar

Kiyev viloyati prokuraturasi O‘zbekiston fuqarolarini yollash va ekspluatatsiya qilishda ayblanayotgan xalqaro guruh qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Qo‘lga olinganlar orasida ikki nafar Xitoy fuqarosi, bir o‘zbekistonlik va bir ukrainalik ayol bor.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh ijtimoiy jihatdan himoyasiz shaxslarni aldash va majburlash orqali nishonga olgan. 13 nafar o‘zbekistonlik chet elga olib chiqilib, Kiyev viloyatiga olib kelingan. U yerda ular qat’iy nazorat ostida majburiy mehnatga jalb qilingan.

Jabrlanuvchilarda uy-joy va barqaror daromad bo‘lmagan, bu esa ularni ekspluatatsiya qilish uchun qulay holatga solgan. Ularning erkin harakatlanishi cheklangan, tahdidlar ishlatilgan. Hojatxonaga borish ham jadval asosida ruxsat etilgan, eng kichik qoidabuzarlik uchun jarima solingan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumondorlarning yashash joylari va xo‘jalik obyektlarida tintuvlar o‘tkazdi. Hujjatlar, pul mablag‘lari, transport vositalari va o‘zbekistonliklar saqlangan, insoniy sharoitlarga to‘g‘ri kelmaydigan joylar topilgan.

To‘rt nafar gumondorga odam savdosi bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Yaqin orada sud ularga ehtiyot chorasi belgilaydi.

Ukraina Milliy politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat sxemasini Ukrainada yashash ruxsatiga ega 51 yoshli xitoylik boshqargan. Uning sheriklari orasida yana ikki xitoylik, taylandlik ayol va besh nafar ukrainalik bo‘lgan. Ular 22 yoshdan 42 yoshgacha bo‘lgan 13 nafar o‘zbekistonlikni yuqori maosh va’da qilib yollagan. Kiyev viloyatiga olib kelingach, ularning pasportlari olib qo‘yilgan, harakatlanishi keskin cheklangan va og‘ir, tahqirlovchi sharoitlarda qishloq xo‘jaligi korxonasida ishlashga majbur qilingan.

Tergovni Kiyev viloyati politsiyasi tergov boshqarmasi, Milliy politsiyaning Migratsiya bo‘limi ko‘magida olib bormoqda.

Ukrainadagi O‘zbekiston elchixonasi ma’lum qilishicha, Kiyev viloyatidagi issiqxonada ushlab turilgan 13 nafar o‘zbekistonlikning barchasi xavfsiz va tibbiy yordam olish uchun mahalliy shifoxonaga joylashtirilgan. Elchixona vaziyat to‘liq nazoratda ekanini, vatandoshlarni yurtga qaytarish choralari ko‘rilayotganini bildirdi. Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilgan, gumondorlar sud oldiga chiqadi. Elchixona o‘zbekistonliklarga hozircha Ukrainaga safarlarni rejalashtirmaslikni tavsiya qildi.

O‘zbekistonlik migrantlar haqida ko‘proq materiallar →

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan