2025/2026 o‘quv yili O‘zbekiston maktablari, litseylari va oliy o‘quv yurtlarida qachon boshlanadi

By | 26/08/2025
O‘quvchilarni kutib olishga tayyorlangan bo‘sh sinfxona, O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi telegram-kanalidan olingan surat

O‘zbekistonda 2025/2026 o‘quv yili maktablarda 2-sentabrda, litseylarda va oliy o‘quv yurtlari birinchi bosqichida 3-sentabrda, oliy o‘quv yurtlarining qolgan kurs talabalari uchun esa 8-sentabrda boshlanadi.

Maktablarda darslar qachon boshlanadi

«Respublikamiz bo‘ylab barcha umumta’lim maktablarida yangi – 2025/2026-o‘quv yili dars jarayonlari joriy yilning 2-sentabridan (seshanba kuni) boshlanadi», — deya xabar berdi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi.

Yangi o‘quv yilining birinchi darsi O‘zbekiston maktablarida «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» shiori ostida «Kelajak soati» mavzuli mashg‘ulot tarzida o‘tkaziladi.

Bu yili 738 mingdan ortiq birinchi sinf o‘quvchisi «Prezident sovg‘asi»ni tantanali ravishda qabul qiladi. To‘plamga 12 turdagi maktab anjomlari kiritilgani va’da qilindi.

Litsey va oliy o‘quv yurtlarida darslar qachon boshlanadi

Akademik litseylar o‘quvchilari hamda oliy o‘quv yurtlari birinchi bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili 3-sentabrda, oliy o‘quv yurtlarining yuqori kurs talabalari uchun esa 8-sentabrda boshlanadi. Akademik litseylar va oliy o‘quv yurtlarida yangi 2025/2026 o‘quv yilining boshlanish sanalari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan.

Hujjatga ko‘ra:

  • akademik litseylarning barcha bosqich o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari birinchi bosqich talabalari uchun mashg‘ulotlar 2025-yil 3-sentabrda boshlanadi;
  • 2-kurs va undan yuqori kurs talabalarida darslar 8-sentabrda boshlanadi.

Oliy o‘quv yurtlarida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar uchun kredit-modul tizimi bilan tanishtirish haftaligi va talabalik hayotiga bag‘ishlash tadbirlari tashkil etiladi.

Hafta davomida quyidagilar ko‘zda tutilgan:

  • talabalarning oliy o‘quv yurti faoliyati bilan tanishtirilishi, kredit-modul tizimining mazmuni va afzalliklari, tanlov fanlarini maqsadli tanlash mohiyati tushuntirilishi;
  • talabalarda mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalari, akademik halollik tamoyillari, kasbiy va shaxsiy rivojlanish masalalari bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilishi.

2025/2026 o‘quv yili qachon boshlanadi?

Shu tariqa, 2025-yilda O‘zbekistonda o‘quv yilining boshlanishi ta’lim bosqichlari bo‘yicha bo‘linadi: maktablarda — 2-sentabrda, litseylarda — 3-sentabrda, oliy o‘quv yurtlarida esa 3 va 8-sentabrda.

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan