Maktabdagi so‘nggi 6 yillik o‘rtacha baholar test sinovlari baliga qo‘shilmaydigan bo‘ldi

By | 22/07/2025
Maktab baholarini test ballariga qo‘shish tartibi bekor qilindi

Prezident farmoni bilan maktab baholarini oliy o‘quv yurtlariga kirish ballariga qo‘shish tartibi bekor qilindi. Bu haqda tegishli farmon 19-iyul kuni imzolandi.

2025-yil 19-iyul kuni imzolangan Prezident farmoni (PF-114-son) bilan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida abituriyentlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlariga qo‘yilgan baholarini inobatga olish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotdi.

Mazkur 2021-yilgi qarorga ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarning shahodatnomalaridagi so‘nggi 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi inobatga olinishi va testda to‘plagan ballariga qo‘shilishi kerak edi. Masalan, 130 ball to‘plagan abituriyentga o‘rtacha bahosi 3, 4 yoki 5 bo‘lsa, mos ravishda yana 3, 4 yoki 5 ball qo‘shilishi belgilangan edi.

Biroq, bu tizim 2023-yilda 2 yilga kechiktirilgan edi. Endilikda esa, Prezident farmoni bilan mazkur tartib butunlay bekor qilindi: shahodatnomadagi baholar endi oliy ta’limga kirishda hisobga olinmaydi.

Yuridik masalalar bo‘yicha mutaxassis Xushnudbek Xudoyberdiyev bu tizimni ilgari tanqid qilgan va uni so‘nggi yillardagi ta’lim sohasidagi eng katta xatolardan biri deb atagan edi. Uning ta’kidlashicha, yaxshi tomoni shundaki, bu tizim amalda sinab ko‘rilmasdan turib bekor qilindi (https://t.me/xushnudbek/28784).

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan