Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida joylashgan “Oltindala” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi gaz to‘ldirish stansiyasida sodir bo‘lgan portlash va yong‘in oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, hodisa bugun, 16-iyul kuni soat 14:40 da ro‘y bergan. Aholiga gaz to‘ldirish stansiyasining yoqilg‘i saqlash rezervuarida chaqnash kuzatilib, keyin yong‘in boshlangan.
Shundan so‘ng soat 14:45 da 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 15:00 da o‘rab olingan, soat 15:35 da esa to‘liq o‘chirilgan.
Afsuski, hodisa oqibatida to‘rt nafar fuqaro vafot etgan. Voqea joyiga FVV, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, prokuratura va boshqa mutasaddi idoralar xodimlari yetib borgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori rahbarligida tajribali mutaxassislar guruhi yuborilgan.
📌 Eslatib o‘tamiz, 2024-yil dekabr oyida Farg‘onada shunga o‘xshash hodisa sodir bo‘lgan edi. Petrolium AYoQShdagi portlash ayol va uch nafar bolaning hayotiga zomin bo‘lgan. Yana to‘qqiz kishi tan jarohati olgan. Sud AYoQSh rahbari Mansur Matkarimovni 5 yilga ozodlikdan mahrum etdi va har bir qurbon uchun 310 million so‘mdan ($25 ming) to‘lash majburiyatini yukladi.
Farg‘onadagi portlashga propan sotish uchun uskunaning noqonuniy o‘rnatilishi sabab bo‘lgan. Gaz sizib chiqishni boshlagan va portlash yuz bergan. Mansur Matkarimovdan tashqari yana uch kishi sudlangan.