O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSHning Erondagi yadroviy obyektlarga bergan zarbalaridan so‘ng fuqarolarni Isroil va Eronga safar qilmaslikka chaqirdi. O‘zbekiston, shuningdek, chuqur xavotir bildirgan holda, mintaqadagi barcha tomonlarni muzokaralar orqali tinchlikka erishishga chaqirdi. Bu haqda yakshanba kuni TIV matbuot kotibi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Axror Burxanov Yaqin Sharqda tezlik bilan keskinlashayotgan vaziyat O‘zbekistonda chuqur xavotir uyg‘otayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, O‘zbekiston doimo mintaqada tinchlikka erishish uchun muloqotni qo‘llab-quvvatlab kelgan:
“O‘zbekiston doimo mintaqadagi barcha tomonlarni o‘zaro muzokaralar orqali tinchlik yo‘lida harakat qilishga chaqirib kelgan.”
Bayonotda shuningdek, fuqarolarga Isroil va Eronga bormaslik tavsiya etilgan. Ushbu davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga esa iloji boricha tezroq xavfsiz hududlarga chiqib ketish tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, matbuot kotibi fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilib, rasmiy manbalardagi e’lonlarni doimiy kuzatib borishga chaqirdi.