Issiq havo sabab Toshkent metrosining yer usti yo‘nalishlarida poyezdlar tezligi 40 km/soatgacha pasaytiriladi

By |
Toshkent metrosi issiq havo sabab poyezdlar tezligini pasaytirmoqda. Foto: «Toshkent metropoliteni» DUK

15-iyuldan boshlab Toshkent metropolitenining yer usti yo‘nalishlarida poyezdlar harakat tezligiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Bunga anomal issiq havo sabab relslar haroratining belgilangan me’yor — 55°C dan oshib ketgani sabab bo‘ldi.

«Toshkent metropoliteni» DUK ma’lumotiga ko‘ra, yer usti uchastkalarida poyezdlar tezligi har kuni soat 18:00 gacha 60 km/soatdan 40 km/soatgacha pasaytiriladi. Cheklov harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaldagi talablarga muvofiq joriy etilmoqda.

Metro ma’muriyati vaqtinchalik tezlik cheklovi poyezdlar qatnov oralig‘iga ta’sir qilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ayrim uchastkalarda poyezdni kutish vaqti 14 daqiqagacha uzayishi kutilmoqda. Cheklov faqat yer usti yo‘nalishlariga taalluqli bo‘lib, yer osti metro yo‘nalishlariga tatbiq etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent metropoliteni avval ham shunga o‘xshash choralarni qo‘llagan. Ekspluatatsiya qoidalariga ko‘ra, relslar harorati 55°C dan oshganda poyezdlar tezligi pasaytirilishi kerak. Relslar harorati 60°C ga yetganda tezlik 40 km/soat bilan cheklanadi, 65°C da esa 25 km/soatgacha tushiriladi. Harorat 70°C yoki undan yuqoriga ko‘tarilganda poyezdlar harakati to‘liq to‘xtatilishi mumkin.

Ulashish

Fikr bildirish