O‘zbekistonda yashash va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibi yangilandi

By |
O‘zbekistonda yashash va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibi yangilandi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi yangi Nizomni tasdiqladi. Hujjat (quyida ilova qilingan) 2026-yil 5-maydagi 224-son qaror bilan qabul qilingan.

Nizom “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun asosida ishlab chiqilgan. Hujjatda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalari, ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari hamda ro‘yxatdan chiqarish tartibi belgilangan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, yashash va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish ikki tomon — uy-joy egasi va ro‘yxatdan o‘tayotgan fuqaro — ishtirokida amalga oshiriladi. Rozilik Face-ID yoki Mobile-ID tizimlari orqali tasdiqlanadi.

Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun arizani ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali topshirish mumkin.

Nizomga ko‘ra, bir nechta uy yoki kvartiraga ega bo‘lgan shaxs yashash joyi bo‘yicha faqat bitta manzilda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Hujjatda aytilishicha, «bir nechta uyga yoki kvartiraga ega bo‘lgan turar joy mulkdori ulardan faqat bittasiga yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi”.

18 yoshga to‘lmagan fuqarolar ota-onasi, ota-onasidan biri yoki vasiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunda uy-joy egasining roziligi talab qilinmaydi.

Hujjatda qayd etilishicha, «o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan fuqaro ota-onasi yoki ulardan biri yoxud vasiysi (homiysi) ro‘yxatdan o‘tkazilgan manzilda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan fuqaro yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi uchun ega bo‘lgan turar joy mulkdorining roziligi talab etilmaydi”.

Yangi tug‘ilgan bola tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi rasmiylashtirilayotganda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (FHDYO) tomonidan ota yoki onaning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan manzili haqidagi ma’lumotlar kiritilishi orqali real vaqt rejimida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunda ham bolani yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun turar joy egasining roziligi talab qilinmaydi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun alohida tartib nazarda tutilgan. Bunday shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish “Inson” ijtimoiy yordam markazlari tomonidan Milliy ijtimoiy himoya agentligi muassasalarida “E-xabar berish” tizimi orqali amalga oshiriladi.

Turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlari, davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali shaxsan murojaat qilish asosida amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, “E-xabar berish” tizimi orqali xabardor qilish tartibida, mehmonxonalar va davolash muassasalarida esa “E-mehmon” tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish notarial tasdiqlangan rozilik arizasi yoki ishonchnoma asosida ham amalga oshirilishi mumkin.

Uy-joyni ijaraga berish yoki bepul foydalanishga topshirish shartnomasining mulkdor tomonidan tasdiqlanishi fuqaroni turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga rozilik sifatida hisoblanadi.

Turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun elektron anketa yoki arizani ko‘rib chiqish muddati bir ish kunidan oshmasligi kerak. Yakunida fuqaroga elektron va/yoki qog‘oz shaklidagi ro‘yxatdan o‘tganlik ma’lumotnomasi beriladi.

Agar turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish muddati tugagan bo‘lsa, biroq fuqaro shu manzilda qolayotgan bo‘lsa, u 10 ish kuni ichida qayta ro‘yxatdan o‘tishi shart.

Nizom yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan chiqarish asoslarini ham belgilaydi. Bu yangi manzil bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tilganda, uy-joy egasining arizasiga ko‘ra — agar ro‘yxatdan o‘tgan shaxsda mulkiy huquqlar yoki egasi bilan qarindoshlik aloqalari bo‘lmasa — hamda doimiy yashash uchun chet elga chiqib ketilganda amalga oshirilishi mumkin.

Nizomda shuningdek fuqaroni yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish unga mazkur turar joyga nisbatan mulk huquqini bermasligi ham qayd etilgan.

Fuqaroni yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan chiqarish bilan bog‘liq nizolar sud tartibida hal etiladi.

Ulashish

Fikr bildirish