O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan Eldor Adilov sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi. Shu munosabat bilan u Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti sho‘ba mudiri lavozimidan ozod etildi. Tayinlov haqida seshanba kuni kechqurun davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Avvalroq Adilov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi.
Xuddi shu farmon bilan Asilbek Xudayarov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan sog‘liqni saqlash vaziri lavozimidan ozod etildi.
Shu bilan birga vazirlik rahbariyatining yangilangan tarkibi tasdiqlandi. Prezident qarori bilan:
- Otabek Imamov sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi;
- Jaloliddin Asamutdinov — vazir o‘rinbosari, komplaens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘yicha;
- Adxam Xudaykulov — vazir o‘rinbosari;
- Sherzod Muxamedov — vazir o‘rinbosari;
- Ilxomjon Umrzaqov — vazir o‘rinbosari. Shu munosabat bilan u iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari — davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori lavozimidan ozod etildi.
Alohida qarorlar bilan quyidagilar lavozimidan ozod etildi:
- Alisher Boboyev — sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari;
- Elmira Basitxanova — sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari;
- Farxodjon Tashpulatov — sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari.
Shuningdek, Abdulla Azizov sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori etib tayinlandi. Shu munosabat bilan u Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori lavozimidan ozod etildi. Amalda Azizov o‘z lavozimini saqlab qoldi — tashkilot faqat nomini o‘zgartirdi.
Kadrlar o‘zgarishlari sog‘liqni saqlash tizimi tanqid qilinayotgan bir paytda yuz bermoqda. 2025 yil aprel oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulnora Abduvohidova xususiy klinikalarda o‘lim holatlari ortgani munosabati bilan o‘sha paytdagi vazir Asilbek Xudayarovga deputatlik so‘rovi yuborgan edi.
U murojaatida ayrim xususiy tibbiyot muassasalarida noto‘g‘ri tashxis yoki davolash oqibatida fuqarolarning vafot etishi yoki nogiron bo‘lib qolish holatlari jamiyatda jiddiy xavotir uyg‘otayotganini ta’kidlagan.
Jamiyatda qo‘shimcha muhokamalarga “Elektron resept” tizimiga o‘tish ham sabab bo‘ldi.