Eronning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Eron Oliy rahbarining vafoti munosabati bilan berilgan bayonotni e’lon qildi

By |
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidenti Mas'ud Pizishkiyonga Eron Oliy rahbari Ali Xomanaiyning vafoti munosabati bilan hamdardlik maktubi yo‘lladi

Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eron Prezidenti Mas‘ud Pizishkiyonga yo‘llagan maktubi matnini o‘z ichiga olgan rasmiy bayonotni tarqatdi. Unda o‘zbek yetakchisi Eron Oliy diniy rahbarining vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirgan.

1 mart sanasida yozilgan va diplomatik vakolatxona tomonidan 2 mart kuni e’lon qilingan maktubda ta’kidlanishicha, Eron Oliy rahbari, oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti og‘ir yo‘qotish bo‘lib, insonlar qalbida chuqur qayg‘u uyg‘otdi. Matnda Mirziyoyev Xomanaiyning Eron davlatchiligini mustahkamlash, jamiyat barqarorligini ta’minlash va milliy qadriyatlarni asrash yo‘lidagi ko‘p yillik hissasini, shuningdek, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim rolini qayd etadi.

«Ul zotning yorqin xotirasi qalblarimizda doimiy saqlanib qoladi», deyiladi e’lon qilingan maktubda. O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, marhumning oila a’zolariga hamda do‘st Eron xalqiga samimiy hamdardlik bildirib, Qodir Allohdan marhumning ruhini o‘z rahmatiga olishini va yaqinlariga sabr ato etishini so‘ragan.

Eron Oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy 2026 yil 28 fevral kuni Tehrondagi obyektlarga, jumladan uning qarorgohi va yuqori martabali amaldorlar ish joylariga qarshi AQSh va Isroil qurolli kuchlari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma operatsiya doirasidagi keng ko‘lamli havo zarbalari vaqtida halok bo‘lgan. Xomanaiyning o‘limi davlat va xalqaro OAV tomonidan tasdiqlangan, Eron Islom Respublikasida esa 40 kunlik motam e’lon qilingan.

Jurnalistik manbalarga ko‘ra, ushbu zarbalar mintaqadagi mojaroning keskinlashuvi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, aynan shu hujumlar oqibatida Ali Xomanaiy halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Fikr bildirish