O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sakkiz yil avval qabul qilingan Mudofaa doktrinasi, shuningdek 1997-yildagi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish lozimligini aytdi. U bu haqda 13-yanvar kuni mamlakatning harbiy xavfsizligini mustahkamlash va mudofaani kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi.
Yig‘ilish O‘zbekistonda 14-yanvar kuni nishonlanadigan Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, yangi Mudofaa doktrinasi O‘zbekistonning hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishni, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayangan holda harakat qilishni, shuningdek mamlakatni yuqori texnologiyalar, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlikka asoslangan strategiya yo‘nalishida rivojlantirishni ta’minlashi kerak.
“Umuman, yangi doktrina armiyani texnologik yangilash va ilg‘or harbiy yechimlarni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi kerak”, — dedi prezident.
Yig‘ilishda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida yangi taktik usullar joriy etilgani, mashg‘ulotlar soni va intensivligi 1,5 barobarga oshirilgani, uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘linmalari hamda mutaxassislarni tayyorlash markazlari tashkil etilgani ham ma’lum qilindi.
Mamlakat xavfsizligini ta’minlash va uning mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, turli mintaqaviy mojarolar kengayib borayotgani, qurollanish poygasi kuchayayotgani, umuminsoniy qadriyatlar, xalqaro huquq me’yorlari va xalqaro diplomatiyaga hurmat susayayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari zamonaviy urushlar xarakteri tubdan o‘zgarganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, g‘alabani faqat tanklar, samolyotlar yoki askarlar soniga tayanib ta’minlash mumkin, deb o‘ylash xato. U zamonaviy jangovar harakatlar sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv tizimlari, uzoq masofadan yuqori aniqlikdagi zarbalar berish vositalari, kiber va robototexnologiyalar, shuningdek siyosiy-iqtisodiy bosim vositalari orqali olib borilayotganini qayd etdi.
Shu munosabat bilan tinchlik va osoyishtalik eng qimmat boylikka aylanib borayotgani ta’kidlandi. Ularni saqlab qolish uchun, qayd etilishicha, har bir soha va tarmoq “proaktiv ish rejimi”ga o‘tishi, ya’ni mumkin bo‘lgan xavf va tahdidlarga oldindan javob qaytarishi zarur.