O‘zbekiston poytaxtida Ichki ishlar vazirligi xodimlari kriptoaktivlar bilan noqonuniy operatsiyalarda qatnashgan fuqarolardan iborat uyushgan guruhni qo‘lga oldi. Bu haqda vazirlikning Tezkor-qidiruv departamenti huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar xorijiy bukmekerlik kompaniyalariga xizmat ko‘rsatib, qimordan tushgan daromadlarni DECENT kripto platformasi orqali legallashtirgan. Sakkiz oy davomida guruh 180 milliard so‘mdan ortiq (taxminan 14,55 million AQSh dollari) operatsiyalarni amalga oshirgan.
Qo‘lga olish Toshkentning Yashnobod tumanida “Xavfsiz kibermakon” tadbiri doirasida bo‘lib o‘tdi. Qidiruvlar chog‘ida ishtirokchilardan pul yuvishda ishlatilgan qariyb mingta bank kartalari va 38 ta mobil telefon aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi 3-qismi “a” va “v” bandlari (Kriptoaktivlar aylanmasi sohasida qonunchilikni uyushgan guruh tomonidan juda katta miqdorda buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Gumondorlarga 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tahdid qilmoqda.