O‘zbekiston IIV xodimlari Android tizimidagi smartfonlar uchun zararli dasturlar tarqatishda gumonlangan besh kishini qo‘lga oldi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar Telegram guruhlari orqali virusli APK-fayllarni tarqatishgan. Bunday ilovalarni o‘rnatgandan keyin ular jabrlanuvchilarning SMS-xabarlari, kontaktlari va qo‘ng‘iroqlar tarixiga kirish imkoniga ega bo‘lishgan. Bu esa ularga fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlash imkonini bergan.
O‘tkazilgan tintuvlar va qo‘lga olinganlarning smartfonlarini tekshirish natijasida umumiy zarar miqdori 3 mlrd so‘m (taxminan 242 ming dollar) ekanligi aniqlandi. Jabrlanganlar soni kamida 133 kishini tashkil etdi.
IIV aniqlik kiritishicha, guruh tarkibiga turli mamlakatlardan 11 kishi kirgan. Hozirda sxemaning boshqa ishtirokchilarini aniqlash va qo‘lga olish ishlari davom etmoqda.
Qo‘lga olishlar «Xavfsiz kiber makon» tezkor-profilaktik tadbiri doirasida amalga oshirildi.