5-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbatning asosiy mavzusi o‘zaro strategik sheriklikni mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish va amaliy loyihalarni rivojlantirish bo‘ldi.
Mirziyoyev matbuot xizmati xabariga ko‘ra, AQSH Prezidenti so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy modernizatsiya va aholining farovonligini oshirish bo‘yicha islohotlarni yuqori baholadi va qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, Mirziyoyev Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yutuqlari bilan tabriklab, Amerika tarafining xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishdagi hissasini ta’kidladi.
Suhbat chog‘ida iqtisodiyot va savdo sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 2024-yilda o‘zaro savdo 15 foizga oshgan. Ustuvor yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalar – fuqaro aviatsiyasi, muhim mineral resurslar, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar va ta’limni qamrab oladi.
Shuningdek, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, xususan terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar qayd etildi. Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda, Toshkentda AQSHning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallari faoliyat yuritmoqda.
Kelgusi yili AQSHda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor ishtirok etadi. Prezident Tramp futbol terma jamoamizga omad tiladi.
Telefon muloqoti davomida davlat rahbarlari Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasidagi “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini ham muhokama qildilar.
Suhbat yakunida Mirziyoyev Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrifga taklif qildi va ikki tomonlama loyihalar va dasturlarni ilgari surish uchun oliy darajadagi muloqotni davom ettirishga kelishib olindi. Telefon orqali muloqot ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.