Toshkent shahri Mirobod tuman sudi sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 61 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishni yakunladi. Hukm 15-sentabr kuni e’lon qilindi, deya xabar berdi Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.
Sud Voitovni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (uzlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarda aybli deb topdi. Davlatga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani bois unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi. Voitovga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari, oylik ish haqining 30 foizi davlat daromadiga ushlab qolinishi, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida jarima va 3 yil davomida rahbarlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etish jazosi belgilandi.
Qonunga ko‘ra, moddiy zarar qoplanganda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmaydi. Ushbu holatda sud depozit hisob raqamiga to‘langan mablag‘larni davlat foydasiga o‘tkazishga qaror qildi.
Ishdagi yana bir asosiy figurant, Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi direktori bo‘lib ishlagan Xusnuddin Karimov 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Unga ham 3 yil davomida rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash taqiqlandi.
Qolgan 60 nafar sudlanuvchidan 9 nafari haqiqiy ozodlikdan mahrum qilish jazosi oldi, 51 nafari esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga tortildi.
Aziz Voitov 2022-yil avgustidan 2023-yil oktyabrigacha Qishloq xo‘jaligi vazirligini boshqargan. Ungacha u Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Voitov 2023-yil oktabrida lavozimidan ozod etilgan, o‘sha yil dekabrida esa qamoqqa olingan. Sud jarayoni 2024-yil 5-sentabrda boshlangan va bir yil davom etgan. Sud yopiq tartibda o‘tkazildi.