Aziz Hakimov ishi: Toshkentdagi suddan Moskvadagi Markaziy Osiyo haqidagi bahslargacha

By |
Aziz Hakimov, Sergey Mayorov va Ridus davra suhbati

24 iyul kuni Toshkentda bloger Aziz Hakimov (Comrade Aziz) ishi bo‘yicha to‘rtinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. U urush targ‘iboti, tuhmat, haqorat va millatlararo adovat qo‘zg‘atishda ayblanmoqda. Sud yopiq tarzda o‘tayotgani sababli jarayon tafsilotlari noma’lumligicha qolmoqda. Biroq O‘zbekiston tashqarisida bu ish allaqachon Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri haqidagi kengroq siyosiy munozaralarning bir qismiga aylangan.

Bir necha kun avval Moskvada bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ishtirokchilar Hakimovni nafaqat jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi sifatida, balki Markaziy Osiyodagi rossiyaparast kuchlar vakillaridan biri sifatida ham muhokama qildilar.

Rossiyaning Ridus nashri tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida ishtirokchilar Hakimovga qo‘yilgan ayblovlardan ko‘ra ko‘proq «ukrainaparast kuchlar», mintaqadagi rossiyaparast faollar mavqei va Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya bilan munosabatlari haqida gapirdilar. Muhokamada rossiyalik jurnalistlar, siyosatshunoslar hamda onlayn aloqa orqali qatnashgan Hakimovning advokati Sergey Mayorov ishtirok etdi. Aynan uning chiqishi muhokama huquqiy masalalardan qanchalik uzoqlashib ketganini ko‘rsatdi.

Hakimov ishi Rossiyada nafaqat jurnalistlar va siyosatshunoslarning e’tiborini tortmoqda. Ish mazmunan ko‘rib chiqilishidan avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham bu masala yuzasidan ochiq bayonot bergan edi. U Moskva bloger atrofidagi voqealarni kuzatayotganini aytib, Hakimovni Rossiyaning «ko‘p yillik va ishonchli do‘sti» deb atadi hamda sud «adolatli va insonparvar qaror» qabul qilishiga umid bildirdi.

Mayorov: bu rossiyaparast va ukrainaparast blogerlar o‘rtasidagi mojaro

Ridusdagi Moskva muhokamasining asosiy mavzularidan biri mintaqadagi rossiyaparast va ukrainaparast kuchlarni qarama-qarshi qo‘yish bo‘ldi. Advokat Sergey Mayorov bloger Nikita Makarenkoni «ukrainaparast» va «rossiyaga qarshi» deb atadi, himoyasidagi Aziz Hakimovni esa «rossiyaparast pozitsiyasini yashirmagan shaxs» sifatida ta’rifladi. Himoya tarafining talqiniga ko‘ra, aynan shu ikki bloger o‘rtasidagi mojaro Hakimovga nisbatan jinoyat ta’qibining boshlanishiga sabab bo‘lgan.

Advokat yopiq sud jarayoni haqida oshkor etmaslik majburiyati tufayli gapira olmasligini ta’kidladi, biroq mijoziga qarshi jinoyat ishining sabablariga oid o‘z talqinini batafsil bayon qildi.

Mayorovning aytishicha, ishning ildizlari Aziz Hakimov va toshkentlik bloger Nikita Makarenko o‘rtasidagi ko‘p yillik mojaro bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, advokat bu nizoga ochiqchasiga siyosiy tus berdi.

«U ukrainaparast bloger, shu bilan birga rossiyaga qarshi bloger ham», — dedi Mayorov Makarenko haqida. Hakimovni esa u «rossiyaparast pozitsiyasini yashirmagan va hozir ham yashirmayotgan» hamda ukrainaga qarshi qarashlarga ega shaxs sifatida tavsifladi.

Shunday qilib, himoya tarafining talqiniga ko‘ra, gap shunchaki ikki bloger o‘rtasidagi mojaroda emas, balki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Moskva bilan munosabatlarga doir qarama-qarshi siyosiy qarashlar to‘qnashuvida ketmoqda.

Kreml terminologiyasi

Advokat ayblovning urush targ‘iboti sifatida baholangan tasvirlar bilan bog‘liq epizodini qanday izohlagani ham e’tiborni tortadi.

Mayorovning ta’kidlashicha, ish materiallarida «Rossiyadagi SVO» yoki «Rossiya-Ukraina mojarosi» haqida hech narsa deyilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspertiza xulosalarida urush targ‘iboti aynan kim foydasiga olib borilgani ko‘rsatilmagan.

«SVO» atamasidan foydalanish Rossiyaning rasmiy ritorikasiga to‘liq mos keladi. Mazkur ritorikada Rossiyaning 2022 yil fevral oyidan buyon Ukrainaga qarshi olib borayotgan keng ko‘lamli bosqini urush deb atalmaydi.

Ayblovning to‘rtta bloki

Moskvadagi davra suhbatida Mayorov Aziz Hakimovga qo‘yilgan ayblovlar tuzilmasi haqida ham batafsil gapirdi, biroq sud jarayoni tafsilotlariga to‘xtalmadi.

Advokatning aytishicha, ayblov shartli ravishda to‘rt qismdan iborat:

  • Hakimov va bloger Nikita Makarenko o‘rtasidagi mojaro bilan bog‘liq materiallar;
  • tergov urush targ‘iboti deb baholagan tasvirlarning e’lon qilinishi;
  • ayrim ommaviy shaxslarning shaxsiy hayotiga oid videorolikning joylashtirilishi;
  • bosmachilik harakati mavzusiga oid materiallarning e’lon qilinishi, bu esa millatlararo adovat qo‘zg‘atish aybloviga asos bo‘lgan.

Mayorovning so‘zlariga ko‘ra, Hakimov o‘z aybini tan olmayapti.

Qamoq muddati yuzasidan bahslar

Mayorov alohida ravishda mijozining qamoqda saqlanishi masalasiga ham e’tibor qaratdi.

Himoyachi dastlabki tergov bosqichida protsessual muddatlar buzilganini ta’kidlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hakimov sud boshlanishidan oldin qariyb to‘qqiz oy hibsda saqlangan, holbuki qonunchilik qamoq muddatini uzaytirish uchun qat’iyroq cheklovlar va maxsus tartiblarni nazarda tutadi. Advokat turli davlat organlariga bir necha bor shikoyat bilan murojaat qilganini bildirdi.

Saqlash sharoitlari yuzasidan shikoyatlar

24 iyuldagi sud majlisidan so‘ng Mayorov yana mijozining sog‘lig‘i haqida gapirdi.

Advokatning aytishicha, Hakimov sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilishda davom etmoqda. Uning fikricha, bu muammolar tergov hibsxonasidagi suv yoki oziq-ovqat sifati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mayorov, shuningdek, tug‘ilgan kunida qarindoshlari olib kelgan oziq-ovqat mahsulotlarini topshirish bilan bog‘liq mojaro yuzaga kelganini ma’lum qildi.

Avvalroq advokat Hakimov dastlabki tergov davrida jazoni ijro etish tizimining ixtisoslashtirilgan tibbiyot bo‘linmasida davolanganini hamda hibsga olinmasidan oldin ham operatsiyaga muhtoj bo‘lganini aytgan edi. Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, qarindoshlariga zarur dori-darmonlarni topshirishga ruxsat berilgan.

Suddan fitna nazariyalarigacha

Moskvadagi davra suhbatiga kelsak, Mayorovning chiqishidan keyin muhokama yanada siyosiy tus oldi.

Rossiyalik siyosatshunos Nikita Mendkovich Hakimovning ta’qib qilinishi go‘yoki O‘zbekistondagi «ukrainaparast kuchlar» faoliyati bilan bog‘liq ekanini da’vo qildi. U bloger Nikita Makarenko AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini hamda respublikada xorijiy investorlar va G‘arb kapitali manfaatlarini ilgari surish bilan bog‘liq bo‘lganini aytdi.

Biroq davra suhbati davomida bu da’volarni tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirilmadi.

Shunga qaramay, aynan shunday talqin ko‘plab ishtirokchilar uchun markaziy mavzuga aylandi. Hakimov ishi muayyan materiallar yuzasidan bahs emas, balki mintaqadagi rossiyaparast va g‘arbparast kuchlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikning bir qismi sifatida ko‘rsatildi.

«Yangi anti-Rossiya»

Rossiyalik jurnalist Viktor Vasilyev esa bundan ham uzoqqa bordi. U avvalroq Qirg‘izistonda Rossiya armiyasi uchun yollanma jangchilar yollash ayblovi bilan bir yildan ortiq hibsda saqlangan edi.

Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlaridagi rossiyaparast jamoat arboblari Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

«Agar hozir sukut saqlasak, bir necha yildan keyin 85 million aholiga ega ulkan mintaqada yonimizda yangi “anti-Rossiya” paydo bo‘ladi», — dedi Vasilyev.

Bu yerda gap endi alohida bir ayblanuvchining taqdiri haqida emas, balki mintaqa davlatlarining geosiyosiy tanlovi haqida ketayotgan edi.

«Biz bu huquqni ertami-kechmi bekor qilamiz»

Eng bahsli bayonot rossiyalik siyosatshunos Aleksey Jivov tomonidan yangradi.

U Rossiya Markaziy Osiyodagi tarafdorlarini yetarlicha qo‘llab-quvvatlamayotganidan noroziligini bildirdi va keyin mintaqadagi postsovet davlatlari suverenitetining tarixiy asoslarini shubha ostiga qo‘ydi.

Jivovning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari Sovet Ittifoqi tufayli yuzaga kelgan «sun’iy tuzilgan davlatlar» hisoblanadi.

«Qisqa tarixiy xotira, ya’ni ularni kim yaratgani va ularga suverenitet, hududiy yaxlitlik hamda kelajakka qarash huquqini kafolatlaganini unutishlari shunga olib keladiki, biz bu huquqni ertami-kechmi bekor qilamiz», — dedi Jivov.

Bu davra suhbatida yangragan eng keskin bayonotlardan biri bo‘ldi.

Shunday qilib, Moskvadagi davra suhbatida Aziz Hakimov ishi endi shunchaki jinoyat jarayoni sifatida emas, balki kengroq siyosiy qarama-qarshilikning bir qismi sifatida muhokama qilindi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyodagi rossiyaparast va ukrainaparast kuchlar o‘rtasidagi ziddiyat, G‘arbning mintaqa ishlariga aralashuvi, «yangi anti-Rossiya» paydo bo‘lishi ehtimoli va hatto Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetining tarixiy asoslari haqida gapirdilar.

Shuningdek o‘qing:

Ulashish

Fikr bildirish