AQSh Braun universitetidagi otishmadan so‘ng grin-karta lotereyasini to‘xtatmoqda

By | 19/12/2025
AQSh Braun universitetidagi otishmadan so‘ng grin-karta lotereyasini to‘xtatmoqda

AQSh hukumati Braun universitetidagi otishmadan keyin grin-karta (Diversity Visa Lottery) lotereyasi dasturini to‘xtatishini e’lon qildi. AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning aytishicha, hujumda gumon qilinayotgan shaxs mamlakatga aynan shu dastur orqali kirgan.

“Prezident Trampning ko‘rsatmasiga binoan men darhol USCIS (AQSh fuqarolik va immigratsiya xizmati — Yep.uz)ga amerikaliklarga bu zararli dastur sababli endi ziyon yetmasligini ta’minlash uchun DV1 dasturlarini to‘xtatishni buyuraman”, — deb yozdi Noem X ijtimoiy tarmog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, otishmada gumon qilinayotgan shaxs — Klaudio Manuel Nevesh Valente — 2017 yilda immigratsion xilma-xillik vizalari dasturi (DV1) orqali grin-karta yutib, AQShga kelgan va keyinchalik doimiy yashash huquqini olgan.

“Klaudio Manuel Neves Valente, Braun universitetidagi otishma sodir etgan shaxs, 2017 yilda Diversity Lottery (DV1) immigratsion vizalar dasturi orqali Qo‘shma Shtatlarga kirib kelgan va grin-karta olgan. Bu jirkanch odamga hech qachon mamlakatimizga kirishga ruxsat berilmasligi kerak edi”, — deb yozadi Noem.

Otishma 14 dekabr kuni Braun universitetining muhandislik va fizika fakultetlari joylashgan yetti qavatli Barus & Holley binosi yaqinida sodir bo‘lgan. O‘sha kuni universitetda bitiruv imtihonlari o‘tkazilayotgan edi. Hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, qariyb 20 kishi jarohat oldi.

18 dekabr kuni 48 yoshli Valente omborda o‘lik holda topildi. NBC News manbalariga ko‘ra, u 2000 yilda Braun universitetida fizika fakulteti talabasi bo‘lgan.

Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida ham grin-karta lotereyasini bekor qilish tarafdori bo‘lgan. Bunga 2017 yil 31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan terakt sabab bo‘lgan, unda sakkiz kishi halok bo‘lgan. Hujumni O‘zbekiston fuqarosi Sayfullo Soipov sodir etgan bo‘lib, Trampning so‘zlariga ko‘ra, u ham AQShga grin-karta lotereyasida yutib kelgan.

O‘shanda politsiya voqeani terakt deb tan olgan va hujumchini “Islomiy davlat” bilan bog‘lagan.

Diversity Visa Lottery Program (DVLP) shartlariga ko‘ra, har yili AQShga immigratsiya darajasi past bo‘lgan davlatlar fuqarolari o‘rtasida 50 mingta grin-karta o‘ynaladi. Dastur 1990 yildan beri amal qilib kelmoqda va AQSh Davlat departamenti tomonidan boshqariladi. Unda oxirgi besh yil ichida AQShga 50 mingdan ortiq muhojir kelgan davlatlar bundan mustasno, barcha mamlakatlar fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

Amerika OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Soipov 2010 yilda aynan DVLP orqali yutib olingan grin-karta asosida AQShga kirgan.

DV lotereyasida har yili butun dunyo bo‘yicha taxminan 131 mingta ariza tanlab olinadi, shundan so‘ng 55 mingta mavjud grin-karta bilan ta’minlash maqsadida nomzodlar qo‘shimcha tekshiruvlar va suhbatlardan o‘tkaziladi. Yakunda tanlanganlarning barchasi ham grin-karta olmaydi.

DV-2025 (2024 yil oktyabridan 2025 yil sentyabrigacha amal qiladigan vizalar lotereyasi) doirasida O‘zbekistonning 5 564 nafar fuqarosi g‘olib sifatida tanlangan bo‘lib, bu ushbu lotereyada barcha davlatlar orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

O‘zbekistonlik migrantlar haqida ko‘proq materiallar →

Ulashish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan