24 iyul kuni Toshkent shahar Yashnobod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ayblanuvchilardan biri sifatida “O‘zbekneftgaz” AJ sobiq boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov ko‘rsatilgan ish bo‘yicha sud muhokamasi boshlandi. Avvalroq sud jadvalidagi ma’lumotlar to‘qqiz nafar ayblanuvchining har biriga nisbatan ko‘rsatilgan ayblovlarni oshkor qilgan edi. Ishni sudya Jasurbek Abdurashidovich Ubaydullayev ko‘rib chiqmoqda.
Eng og‘ir ayblovlar Sidiqov va Anarkulovga nisbatan ko‘rsatilgan
Ish kartochkasiga ko‘ra, mazkur ishdagi eng jiddiy va eng ko‘p uchraydigan modda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hisoblanadi. Ushbu modda barcha to‘qqiz nafar sudlanuvchiga nisbatan ko‘rsatilgan.
Malakalovchi belgilarga qarab, ushbu moddaning 3-qismi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi. Shu bilan birga, ayni modda yetkazilgan moddiy zarar qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanmasligini ham belgilaydi.
Bundan tashqari, ayrim figurantlarga Jinoyat kodeksining 205-moddasi — hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda 209-moddasi — mansab soxtakorligi bo‘yicha ham ayblovlar qo‘yilgan.
| Figurant | JK 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) | JK 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) | JK 209-moddasi (mansab soxtakorligi) |
|---|---|---|---|
| Bahodirjon Sidiqov | 1-qism; 3-qism “a”, “v” bandlari | 2-qism “a”, “b” bandlari | 2-qism “a”, “b” bandlari |
| Baxtiyar Anarkulov | 3-qism “a”, “v” bandlari | 2-qism “a”, “b” bandlari | 2-qism “a”, “b” bandlari |
| Ulugbek Usmonov | 3-qism “a”, “v” bandlari | — | 2-qism “b” bandi |
| Dilmurod Burxonov | 3-qism “a”, “v” bandlari | — | 2-qism “a”, “b” bandlari |
| Alisher Ochilov | 3-qism “a”, “v” bandlari | — | 2-qism “b” bandi |
| Dilshod Haqberdiyev | 3-qism “a”, “v” bandlari | — | 2-qism “a”, “b” bandlari |
| Hamidulla Asatov | 3-qism “a”, “v” bandlari | — | 2-qism “a”, “b” bandlari |
| Mas’udjon Hoshimov | 3-qism “a”, “v” bandlari | — | 2-qism “b” bandi |
| Nodirjon Boboyev | 3-qism “a”, “v” bandlari | — | — |
To‘qqiz nafar figurant orasida faqat “O‘zbekneftgaz” sobiq boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov va kompaniya sobiq rais o‘rinbosari Baxtiyar Anarkulov bir vaqtning o‘zida o‘zlashtirish yoki rastrata, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligi moddalarida ayblanmoqda. Qolgan figurantlarga esa Jinoyat kodeksining bir yoki ikki moddasi qo‘llangan.
Ish bo‘yicha yana kimlar o‘tmoqda?
Sidiqov va Anarkulov bilan birga ish bo‘yicha quyidagilar ham figurant sifatida ko‘rsatilgan:
- Ulugbek Usmonov;
- Dilmurod Burxonov;
- Alisher Ochilov;
- Dilshod Haqberdiyev;
- Hamidulla Asatov;
- Mas’udjon Hoshimov;
- Nodirjon Boboyev.
Sud jadvalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning aksariyatiga o‘zlashtirish yoki rastrata hamda mansab soxtakorligi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Nodirjon Boboyev esa e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, faqat Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha ayblanayotgan yagona figurant hisoblanadi.
O‘zbekiston OAVlarining xabarlariga ko‘ra, ish neft-gaz sohasi rahbarlari va u bilan bog‘liq kompaniyalar vakillariga taalluqlidir. Avvalroq figurantlar orasida Enter Engineering vakili Ulugbek Usmonov, Eriell Management vakili Nodirjon Boboyev, “O‘zbekneftgaz” xaridlar departamenti boshlig‘i Dilmurod Burxonov, Maxsusenergogaz korxonasi rahbari Dilshod Haqberdiyev, Oilgasservisinvest rahbari Alisher Ochilov, Petromaruz Uzbekistan rahbari Hamidulla Asatov hamda Oil Ravon Servis rahbari Mas’udjon Hoshimov borligi haqida xabar berilgandi.
2023 yil avgust oyida Ulugbek Usmonov O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shgan fuqarolarni taqdirlash to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
Ko‘rsatilgan moddalar nimani anglatadi?
Jinoyat kodeksining 167-moddasi aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning tasarrufida bo‘lgan mol-mulkni o‘zlashtirish yoki rastrata qilish uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Mazkur moddaning 3-qismi ayniqsa og‘ir holatlar, jumladan juda ko‘p miqdordagi zarar yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan harakatlarga nisbatan qo‘llanadi. Ushbu qism bo‘yicha eng yuqori jazo o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi.
205-modda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilishga taalluqlidir. Gap xizmat manfaatlariga zid ravishda mansab mavqeidan qasddan foydalanish va buning natijasida davlat, jamiyat yoki fuqarolarning manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishi haqida bormoqda. Mazkur moddaning 2-qismi bo‘yicha eng yuqori jazo ayrim huquqlardan mahrum qilgan holda besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir.
209-modda mansab soxtakorligi uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Bu rasmiy hujjatlarga ataylab yolg‘on ma’lumotlar kiritish, soxta hujjatlar tuzish yoki berishni anglatadi. Moddaning 2-qismi besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.
Mazkur uchala modda davlat korxonalari va davlat ulushi mavjud tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq tergovlarda eng ko‘p uchraydigan jinoyat tarkiblari qatoriga kiradi. Biroq ayblanuvchilarga qo‘yilgan aynan shu bandlar 2026 yil 22 iyundagi qonun bilan belgilangan korrupsion jinoyatlar ro‘yxatiga kirmaydi.
Ish prezidentning yanvar oyidagi bayonotlari bilan qanday bog‘liq?
Neft-gaz sohasidagi ehtimoliy qonunbuzarliklar mavzusi 2026 yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng keng jamoatchilik e’tiborini tortgan edi.
O‘shanda davlat rahbari “O‘zbekneftgaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazilayotganini hamda milliardlab so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ma’lum qilgan.
Prezident ushbu tuzilmalardagi nazorat uchun mas’ul mansabdor shaxslarning javobgarligi masalasini ham ko‘targan.
“Haqli savol tug‘iladi. Ushbu idoralarda yillar davomida korrupsiya avj olgan bo‘lsa, xavfsizlik masalalari uchun mas’ullar qayerga qaragan?” — degan edi Mirziyoyev yig‘ilishda.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga korrupsion sxemalarni fosh etish va aybdorlarning muqarrar jazolanishini ta’minlash topshirilgan.
Bahodirjon Sidiqov haqida nimalar ma’lum?
Bahodirjon Sidiqov 2023 yil mart oyidan boshlab “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi lavozimida ishlagan. U bundan avval ham 2019–2020 yillarda kompaniyaga rahbarlik qilgan.
2025 yil dekabr oyida uning lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. Rasmiy axborotda rahbar boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ketgani bildirilgan edi.
Oradan bir oy o‘tib, qator OAVlar manbalarga tayanib, Sidiqov ehtimoliy korrupsion jinoyatlar bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olingani haqida xabar berdi. O‘sha paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyat ishi tafsilotlarini oshkor qilmagan.
Internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Bahodirjon Sidiqov hozir 47 yoshda. U Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, Toshkent moliya instituti va Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan.
Shuningdek o‘qing: