O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki davlat munosabatlarini keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldi. Bu haqda 30-avgust kuni Toshkentda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng ma’lum qilindi.
Iqtisodiy sohadagi asosiy maqsadlardan biri 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘ldi. O‘zbekiston tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshgan. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shma korxonalar soni yetti baravar ko‘paygan.
«Umumiy intilish va harakatlarimiz bilan koʻp qirrali va uzoq muddatli aloqalarimiz kelgusida ham jadal rivojlanib borishiga aminman», — dedi Mirziyoyev.
Modi ham muzokaralarning asosiy natijalari qatorida munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish va 2030-yilgacha savdo hajmini 5 milliard dollardan oshirishni qayd etdi. Hindiston Bosh vaziri bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
Modi, shuningdek, infratuzilma, raqamli davlat infratuzilmasi (DPI), sun’iy intellekt, muhim minerallar, energetika va kosmos sohalaridagi hamkorlikni, shuningdek, bozorga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, transport aloqalarini rivojlantirish, bank va to‘lov tizimlari bo‘yicha hamkorlikni qayd etdi.
Muzokaralar Modiyning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida «Ko‘ksaroy» qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Hindiston Bosh vaziri O‘zbekistonga to‘rtinchi bor tashrif buyurdi.
Bir milliarddan besh milliardga
Iqtisodiy hamkorlik muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Toshkent va Nyu-Dehli o‘zaro savdo hajmini sezilarli darajada oshirish niyatini bildirdi va 2030-yilgacha 5 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish uchun zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirishni ham rejalashtirmoqda. Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida energetika, elektrotexnika, metallurgiya, muhim minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va zargarlik sanoati qayd etildi.
Geologiya va mineral resurslarga alohida e’tibor qaratildi. Tashrif yakunida imzolangan hujjatlar paketiga ushbu sohadagi o‘zaro anglashuv memorandumi ham kiritildi.
Shu bilan birga, belgilangan maqsad savdo hajmini hozirgi darajaga nisbatan sezilarli ravishda oshirishni anglatadi. Agar 2025-yilda o‘zaro savdo ilk bor 1 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, 2030-yilgacha tomonlar uni qariyb besh baravar oshirishni maqsad qilgan.
Siyosiy hamkorlikning yangi mexanizmlari
Iqtisodiyotdan tashqari, O‘zbekiston va Hindiston barcha darajalarda siyosiy aloqalar va almashinuvlarni faollashtirishga kelishib oldi. Jumladan, parlamentlararo do‘stlik guruhlari, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi orqali hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish uchun tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari darajasida alohida mexanizm yaratiladi.
Liderlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni ham muhokama qildilar. O‘zbekiston tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, ular BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, BRICS va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirishga kelishib oldi.
Bu masala Hindiston uchun ayniqsa dolzarb, chunki Modi Toshkentdagi tashrifidan so‘ng Bishkekda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitida ishtirok etadi. Hindiston 2017-yildan buyon tashkilotning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.
Transport, ta’lim va madaniyat
Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar faqat savdo bilan cheklanmaydi. Hozir O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta universiteti faoliyat yuritmoqda.
Madaniy hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Toshkent va Nyu-Dehli Madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, forumlar va kinofestivallarni muntazam o‘tkazishga kelishib oldi. Tashrif doirasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Madaniy almashinuv dasturi imzolandi.
Imzolangan hujjatlar paketiga oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish, arxiv ishi hamda Fаyoztepa va Qoratepa hududlarida arxeologik tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlikka oid hujjatlar ham kiritilgan.
Alohida kelishuvlar Ayurveda va an’anaviy tibbiyotning boshqa turlari sohasidagi hamkorlikni ham nazarda tutadi.
Hindistonning O‘zbekistondagi madaniy ishtiroki allaqachon tegishli institutlarga ega. Toshkentda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi va Mahatma Gandi nomidagi Indologiya markazi faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston tomoni mamlakatda yoga ommalashib borayotganini ham qayd etdi.
Hududlar o‘rtasidagi hamkorlik
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi hududlararo aloqalarni rivojlantirish bo‘ldi. Andijon viloyati va Hindistonning Gujarat shtati, Farg‘ona viloyati va Haryana shtati, shuningdek, Samarqand viloyati va Agra o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Tashrif yakunida Samarqand viloyati va Gujarat shtati o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida alohida kelishuv imzolandi.
Bunday format investitsiyalarni jalb qilish va aniq loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha kanalga aylanishi mumkin, chunki hamkorlik markaziy hukumatlar darajasidan hududlar darajasiga ham tushmoqda.
Modi O‘zbekistonning oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Tashrif davomida Modi O‘zbekistonning yuqori davlat mukofotlaridan biri — «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Prezident farmoniga ko‘ra, mukofot Hindiston Bosh vaziriga ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlikni mustahkamlash, strategik sheriklikni rivojlantirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun berildi.
O‘zbekiston tomoni mukofot berilishini bevosita Modiyning ushbu tashrifi va ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish bo‘yicha erishilgan kelishuv bilan bog‘ladi.
«Oliy Darajali Do‘stlik» ordenini olish men uchun katta sharaf. Men ushbu mukofotni Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam aloqalarga bag‘ishlayman», — dedi Narendra Modi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar salmoqli ikki tomonlama hujjatlar paketini imzoladi. Tashrif yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotdan tashqari, paketga madaniyat, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqtisodiyot va moliya, turizm, geologiya va mineral resurslar, an’anaviy tibbiyot hamda arxiv ishi sohalaridagi bitim va memorandumlar kiritilgan.
Alohida hujjatlar O‘zbekiston Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Sushma Svaraj nomidagi Tashqi aloqalar instituti o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Endi Toshkent va Nyu-Dehli oldida turgan navbatdagi vazifa — erishilgan kelishuvlarni aniq loyihalarga aylantirish. Muzokaralar yakunida vazirlik va idoralarga qo‘shma dasturlarni ilgari surishni ta’minlash topshirildi. Har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirish mexanizmlari, mas’ul ijrochilar va muddatlar ko‘rsatilgan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishi kerak.