O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7–8-sentabr kunlari Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrif bilan bordi. Bu Mirziyoyevning Serbiyaga ilk rasmiy tashrifi bo‘ldi.
Belgraddagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Serbiya strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdi. Mirziyoyev va Vuchich bu haqdagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.
Deklaratsiyadan tashqari, tomonlar qator ikki tomonlama hujjatlar bilan ham almashdi. Ular savdo, transport, mehnat migratsiyasi, qishloq xo‘jaligi, energetika, farmatsevtika, raqamlashtirish, temir yo‘l infratuzilmasi va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Erkin savdo va sanoat
Imzolangan hujjatlardan biri erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun ishchi guruh tashkil etishni nazarda tutadi. Hozircha gap erkin savdo bitimining o‘zi haqida emas, balki muzokaralar jarayonini boshlash haqida bormoqda.
O‘zbekiston tomoni erkin savdo bitimini tayyorlash va qabul qilish, standartlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish muhimligini ta’kidladi.
Sanoat sohasida avtokomponentlar, uskunalar, elektrotexnika va elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar belgilandi. O‘zbekiston va Serbiya 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qildi.
Prezidentlar muzokaralaridan keyin Belgradda o‘tkazilgan biznes-forumda Vuchich texnoparklar, sun’iy intellekt va biotexnologiyalar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari haqida alohida to‘xtaldi.
“O‘zbekiston taraqqiyoti, ayniqsa texnologik parklar, sun’iy intellekt va biotexnologiyalarni rivojlantirish borasidagi yutuqlari hayratlanarli. Ushbu yo‘nalishlardagi hamkorligimiz rivojlanishni davom ettirish va jiddiy natijalarga erishish imkonini beradi”, dedi Vuchich.
Transport va O‘rta koridor
Alohida hujjatlar yo‘lovchi va yuklarni xalqaro avtomobil tashuvlari, temir yo‘l infratuzilmasi hamda O‘rta koridorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikka bag‘ishlangan.
Transport va logistika sohasidagi yangi qo‘shma loyihalar ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston xalqaro transport loyihalarida ishtirok etishni tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘radi. Tashrif davomida kelajakdagi loyihalarning aniq parametrlari, qiymati va investitsiyalar hajmi haqida ma’lumot berilmadi.
Mehnat migratsiyasi
Imzolangan hujjatlardan biri mobillik va mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim bo‘ldi.
Muzokaralarda Serbiya tomoni tartibli mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikka qiziqish bildirayotgani qayd etildi. Bitimning boshqa tafsilotlari, jumladan ishchilar soni va qaysi tarmoqlar qamrab olinishi haqida O‘zbekiston tomonining e’lon qilingan axborotida ma’lumot berilmagan.
Boshqa yo‘nalishlar
Bitim va kelishuvlar qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish, bojxona hamkorligi, qayta tiklanuvchi energetika va yashil texnologiyalar, farmatsevtika va biotexnologiyalar, turizm va madaniy sayohatlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamlashtirish va elektron hukumat, ekologiya hamda iqtisodiy diplomatiyani qamrab oladi.
Tomonlar, shuningdek, kinematografiya va qo‘shma film ishlab chiqarish, 2026–2028-yillardagi madaniy hamkorlik, mehnat xavfsizligi va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Hududlararo aloqalar doirasida Samarqand viloyati va Voyevodina avtonom o‘lkasi o‘rtasida sheriklik munosabatlari o‘rnatildi.
O‘zbekiston EXPO-2027 xalqaro ko‘rgazmasida Belgraddagi milliy paviloni bilan ishtirok etishini ham tasdiqladi.
Diplomatik darajada nima o‘zgardi
Tashrifgacha ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar siyosiy muloqot, savdo va gumanitar hamkorlik kabi alohida yo‘nalishlarda rivojlanib kelayotgan edi. Tashrif davomida ularga strategik sheriklik maqomi berildi.
Vuchich O‘zbekiston bilan sheriklikni Serbiya uchun “strategik ahamiyatga ega” deb atadi.
Serbiya prezidenti, shuningdek, “bugun Serbiya va O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Yevropa bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi mustahkam bog‘lovchi bo‘g‘inlardan biri hisoblanadi”, dedi.
Mirziyoyev esa muzokaralarda siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashganini ta’kidladi.
Kelishuvlarni amalga oshirish uchun tomonlar alohida keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish niyatida.
Tashrifning ramziy qismi
Tashrif Serbiya tomonidan bir qator ramziy ishoralar bilan ham kuzatildi.
7-sentabr oqshomida “Kula Belgrad” osmono‘par binosi O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglarida yoritildi.
8-sentabr kuni Vuchich Mirziyoyevni Serbiya Respublikasining Katta zanjirdagi ordeni bilan taqdirladi. Serbiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, mukofot Mirziyoyevning ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi shaxsiy hissasini e’tirof etadi.
Shu kuni prezidentlar Belgrad ko‘chalaridan biriga “Toshkent” nomini berish marosimida ishtirok etdilar.
Vuchich Mirziyoyevga serb tilidagi “Mirziyoyev doktrinasi” kitobi nusxasini ham sovg‘a qildi.
Tashrif strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya va ikki tomonlama hujjatlar paketini imzolash bilan yakunlandi. Erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari ularning keyingi amalga oshirilishiga bog‘liq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Serbiya fuqarolari O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kirishlari mumkin. O‘zbekiston fuqarolariga esa oddiy pasport bilan Serbiyaga borish uchun viza talab etiladi. Shu bilan birga, amaldagi Shengen, Buyuk Britaniya, AQSH yoki Yevropa Ittifoqi davlatlari vizasiga ega shaxslar, shuningdek Shengen hududi, Yevropa Ittifoqi yoki AQSHda amaldagi yashash ruxsatnomasiga ega fuqarolar Serbiyaga alohida vizasiz olti oy davomida 90 kungacha kirishlari mumkin.