Marko Rubio C5+1 uchrashuvida ishtirok etish uchun Samarqandga keldi

By | 19/10/2026
Marko Rubio Samarqandga yetib keldi. Aeroportda uni Saida Mirziyoyeva kutib oldi. Foto: Saida Mirziyoyevaning Telegram kanali

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Markaziy Osiyoga ilk tashrifi bilan Samarqandga keldi. Uni aeroportda O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva kutib oldi. Rubio rafiqasi bilan birga keldi.

«AQSh Davlat kotibi Marko Rubioni ko‘hna va navqiron Samarqand zaminida qutlashdan mamnunman. Bu — uning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif dasturidan C5+1 formatidagi muzokaralar, biznes vakillari bilan uchrashuvlar hamda Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishi o‘rin olgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Samarqandda. AQSh Davlat kotibining e’lon qilingan jadvaliga ko‘ra, u bilan uchrashuv 19-oktabr kuni kechqurun bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

200 nafardan ortiq amerikalik biznes vakili

Rubio 200 nafardan ortiq amerikalik biznes vakilidan iborat delegatsiyaga boshchilik qilmoqda. AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, u Samarqandda AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni birlashtiruvchi C5+1 vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi.

Davlat departamenti bayonotida uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad AQSh va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash ekani aytilgan.

«Bu muhim munosabatlar [AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar — Yep.uz]», — dedi Rubio 17-oktabr kuni jurnalistlarga. U ko‘plab xalqaro inqirozlar yuz berayotgan bir paytda nima uchun O‘zbekistonga yo‘l olayotgani haqidagi savolga javob berayotgan edi.

Davlat kotibining aytishicha, Vashington nafaqat inqirozlar yuz berayotgan yoki xalqaro konferensiyalar o‘tkazilayotgan mamlakatlarga, balki AQSh aloqalarini rivojlantirmoqchi bo‘lgan davlatlarga ham e’tibor qaratishi kerak. Safar sanalari Markaziy Osiyoning barcha besh davlati rahbarlari va tashqi ishlar vazirlarini bir vaqtda to‘plash imkoniyatini hisobga olgan holda tanlangan.

Rubio X ijtimoiy tarmog‘idagi postida 200 nafardan ortiq biznes vakilidan iborat delegatsiyani tarixiy deb atadi. Shuningdek, u mintaqaviy bog‘liqlik, tijoriy diplomatiya va hamkorlik AQSh hamda uning Markaziy Osiyodagi hamkorlari uchun yanada tinch va farovon kelajakni ta’minlashda muhimligini ta’kidladi.

Muzokaralar va biznes dasturi

AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan jadvalga ko‘ra, Rubioning 19-oktabr kuni Samarqanddagi dasturidan Registon maydoniga tashrif, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashuv va hujjatlarni imzolash marosimi o‘rin olgan.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvlar, C5+1 vazirlar uchrashuvi va «Boqiy shahar» majmuasiga tashrif rejalashtirilgan.

Kechqurun Rubio O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi, Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tadbirida qatnashishi hamda kengash ishtirokchilari bilan kechki ovqatda ishtirok etishi belgilangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti nomidan kechki ovqat ham rejalashtirilgan.

Samarqanddan so‘ng Rubio Hindistonga yo‘l oladi. U Mumbay va Jamnagarga tashrif buyuradi. Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Hindistonga safar 2026-yil 17–22-oktabr kunlari davom etadi.

Yep.uz’da yana o‘qing:

Yep.uzʼni Googleʼning afzal ko‘rilgan manbalariga qo‘shing

Googleʼda Yep.uz saytini afzal ko‘rilgan manba sifatida qo‘shing, shunda sayt materiallarini «Asosiy yangiliklar» bo‘limida tez-tez ko‘rishingiz mumkin.

Ulaşiş

Fikr bildirish