Hindiston va O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi

By | 23/10/2026
Hindiston va O‘zbekiston

Hindiston va O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurashda, jumladan, terrorizmni moliyalashtirish, ekstremizm va texnologiyalardan terroristik maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligi 2026-yil 22-oktabr kuni Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan Hindiston va O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhining 10-yig‘ilishi yakunlari yuzasidan ma’lum qildi.

Yig‘ilishga Hindiston Tashqi ishlar vazirligining terrorizmga qarshi kurash masalalari bo‘yicha qo‘shimcha kotibi Suhel Ajaz Xon va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Janubiy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq hamda Afrika mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i G‘ulomjon Pirimqulov hamraislik qildi.

Tomonlar dunyo miqyosida va o‘z mintaqalarida terroristik guruhlar tomonidan yuzaga kelayotgan tahdidlarni, shuningdek, terrorizmga qarshi kurash sohasidagi mavjud va yangi muammolarni muhokama qildi. Xususan, ekstremizm va radikallashuvga qarshi kurashish, terrorizmni moliyalashtirishga chek qo‘yish, texnologiyalardan terroristik maqsadlarda foydalanishning oldini olish, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va terrorizm o‘rtasidagi aloqalarga qarshi kurashish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Har ikki tomon milliy va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid va muammolarga qarshi kurashishda hamkorlik qilishga, shuningdek, Hindiston va O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi doirasidagi hamkorlik mexanizmlarini yanada mustahkamlashga kelishib oldi”, — deyiladi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasida axborot almashish, salohiyatni oshirish va ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Hindiston va O‘zbekiston BMT, Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha Yevroosiyo guruhi (YEG) doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladi.

Qo‘shma ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi tomonlar o‘zaro kelishadigan sanada O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.

Yep.uz’da yana o‘qing:

Yep.uzʼni Googleʼning afzal ko‘rilgan manbalariga qo‘shing

Googleʼda Yep.uz saytini afzal ko‘rilgan manba sifatida qo‘shing, shunda sayt materiallarini «Asosiy yangiliklar» bo‘limida tez-tez ko‘rishingiz mumkin.

Ulaşiş

Fikr bildirish